Matu-grosu-du-sul - Braziliyaning janubi-gʻarbiy qismidagi shtat, Boliviya va Paragvay bilan chegaradosh. Maydoni - 358,1 ming km². Aholisi - 2,07 mln. kishi (2000). Maʼmuriy markazi — Kampu-Grandi shahri. Shtat Braziliya yassitogʻligining janubi-gʻarbiy chekkasi va Pantanal botigʻining janubida joylashgan. Yozi sernam, tropik iqlim. Oʻrtacha oylik temperaturalar 22—26°. Yillik yogʻin 1000–1800 mm. Shtat janubida tuprogʻi toʻq qizil laterit tuproq. Oʻsimliklari past boʻyli savannalar, daryo vodiylari oʻrmonlar, Pantanal tropik botqoqliklardan iborat. Iqtisodiyotining asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki boqiladi. Sholi, soya, makkajoʻxori, bugʻdoy, dukkakli ekinlar ekiladi, kofe plantatsiyalari bor. Baliq ovlanadi. Korumba shahri yaqinida yirik temir va marganets rudasi konlari topilgan. Toʻqimachilik, koʻn-poyabzal, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Qurilish materiallari va sopol buyumlar ishlab chiqariladi. Asosiy sanoat markazlari: Kampu-Grandi va Korumba shaharlari. Asosiy aloqa Parana va Paragvay daryolari va ularning irmoqlari, temir yoʻl va havo transporta orqali amalga oshiriladi"" OʻzME. M-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Manbalar