Guyukxon (1205-48) - moʻgʻullar imperiyasining ulugʻ qoni (1246—1248). Oʻqtoyxon (Ugeday) (1186— 1241)ning toʻngʻich oʻgʻli. Chingizxonning nabirasi. 1236—1241-yil moʻgʻul shahzodalarining Botuxon boshchiligida Rossiya va Sharqiy Yevropaga qilgan bosqinchilik yurishlarida qatnashgan. Lekin otasining vafotini (1241-yilmart) eshitib, shoshilinch ravishda oʻz yurtiga qaytib kelgan. 1246-yil sentyabrda Qoraqurumda boʻlib oʻtgan Chingizxon avlodlari qurultoyida Guyukxon qonlik taxtiga oʻtqazilgan. Otasi vafotidan keyin oʻtgan 5 yil mobaynida davlatni onasi Turakina xotun boshqarib turgan. Guyukxon hukmronlik davrida Kavkazning janubiy sharqiy qismi, Koreyaning bir qismi bosib olingan. Xitoy va Eronni bosib olish uchun kurash davom ettirilgan. Chigʻatoy ulusinaig ichki ishlariga aralashgan. Guyukxon Oltin Oʻrda hukmdori Botuxonga qarshi urushga otlanib yoʻlga chiqqanda toʻsatdan vafot etgan.
Adabiyotlar OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Turkum:Kishilar Turkum:Tarixiy shaxslar Turkum:Davlat yetakchilari Turkum:Mongoliya Turkum:1205-yilda tugʻilganlar Turkum:1248-yilda vafot etganlar