Suriya (, Sūriyā), Suriya Arab Respublikasi (, al-Jumhūriyya l-‘Arabiyya s-Sūriyya) — Gʻarbiy Osiyodagi davlat. Oʻrta dengizning sharqiy sohilida joylashgan. Maydoni — 185,2 ming km². Aholisi — 25,1 million kishi (2024). Poytaxti — Damashq shahri. Maʼmuriy jihatdan 14 viloyat (muhofaza)ga boʻlinadi. 2011-yilda boshlangan Arab bahori natijasida mamlakatda siyosiy beqarorlik yuzaga keldi. Hozirgi kunda mamlakatda notinchlik hukum surmoqda.

Davlat tuzumi Suriya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1973-yil 12 martda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (2024-yildan Ahmad Ash-SHara), u milliy referendumda 7 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Xalq kengashi (parlament), ijrochi hokimiyatni prezident va Vazirlar Kengashi amalga oshiradi.

Tabiati Dengiz sohilining aksari qismi tepalik va toshloqli yassitogʻlikdan, ozrogʻi pasttekislik (eni 20–30 km)dan iborat. Gʻarb va janubda Antilivan togʻ tizmasi va balandligi 2814 m gacha boʻlgan Ash-Shayx togʻi joylashgan. Suriya hududining katta qismini gʻarbdan sharqqa tomon pasayib boruvchi plato egallagan. Gʻarbda Ansoriya va Az-Zaviya togʻ tizmalari, janubi-gʻarbda Ad-Duruz (eng baland joyi 1803 m) vulkan massivi joylashgan. Suriya hududining janubi-sharqini Suriya choʻlining bir qismi, shimol-sharqini Jazira platosi tashkil qiladi. Neft, temir, mis, marganets, xromit, oltingugurt va boshqa konlar bor. Iklimi Oʻrta dengizga xos subtropik iqlim. Qish va bahorda yogʻingarchilik koʻp, yozi quruq. Oʻrtacha tempatura yanvarda 12°, avgustda 27°; yillik yogʻin 700 mm dan kam. Mamlakat sharqida quruq kontinental iqlim. Furot daryosining Suriya hududidagi uzunligi 675 km, uning asosiy irmoqlari — Xobur va Balix. Shimoli-sharqiy chegara boʻylab Dajla daryosi oʻtadi, shimoli-gʻarbda Oʻrta yer dengizi havzasiga mansub boʻlgan Osi daryosi va shimolda Hims koʻli bor. Platoda boʻz tuproqli qumloqqumoq choʻllar, janubda toshloqshagʻalli hamada anchagina maydonni egallagan. Pasttekisliklarda shoʻrxok yerlar uchraydi. Sharqiy Tavr togʻ oldi boʻz jigar rang va jigar rang tuproqdan iborat, dengiz boʻyida sariq tuproq, balandlashgan sari tog jigar rang va togʻoʻrmon tuproqli yerlar boshlanadi. Ansoriya togʻining sharqiy yon bagʻrida togʻ dashtlari uchraydi. Sohil va togʻ yon bagʻirlaridagi oʻrmonlarda eman, qaragʻay, sarv daraxtlari oʻsadi, lavr butazorlari bor. Hayvonot dunyosi sirtlon, boʻri, chiyaboʻri, qoraquloq, jayran, yovvoyi eshak (onagr), kemiruvchi va sudraluvchilar, togʻlarda suriya ayigʻi, toʻngʻiz, oʻrmon mushugi va boshqalardan iborat.

Aholisi Aholisining 90% arablar (suriyaliklar); ulardan tashqari kurd, arman, turkman, turk, cherkas, falastinliklar ham yashaydi. Rasmiy til — arab tili. Aholining aksariyati sunniy musulmonlar, shuningdek shialar, alaviylar, xristianlar, maroniylar ham bor. Shahar aholisi 52,4%. Yirik shaharlari: Damashq, Halab, Hims, Loziqiya.

Qadimgi Suriya Tarixi Suriya hududida odam paleolit davridan yashab keladi. Mil. av. 2-ming yillikning 1-yarmida mayda shahar-davlatlar vujudga kelgan. Mil. av. XV asrda Suriyaning koʻp qismini Misr, XIV asrda Xett podshohligi egallab olgan, XII asr boshlarida Suriya ozodlikka erishsa-da, VIII asr oxirida Ossuriyata, VII asr oxirida esa Yangi Bobil podshohligi, VI asr oʻrtalarida Ahomaniylarga qaram boʻldi. Mil. av. 333-yil Iskandar Maqsuniy (Aleksandr) davlati tarkibiga kirdi, bu davlat barbod boʻlgach, salavkiylar davlatining viloyatiga aylandi. Mil. av. I asrda Armaniston podshosi Tigran II S.ni bosib oldi, 64 yil Rim, mil. IV asr oxiridan Vizantiya viloyatiga aylandi. Mil. 633–40 yillarda Arab xalifaligi, 1516-yilda Usmonli turk imperiyasi zabt etdi va Suriya 1818-yilgacha Turkiya tarkibida boʻldi. 1832–1840-yillarda Misr qoʻshinlari tomonidan bosib olindi. 1840-yil Suriyada Yana turklar hukmronligi tiklandi. 1918-yil okabrda Suriyani ingliz qoʻshinlari bosib oldi. 1919-yil Angliya Fransiya kelishuviga binoan inglizlarning oʻrnini fransuzlar egalladi. 20-yillarda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1928-yil Taʼsis majlisiga saylov oʻtkazildi, 1930-yil mayda Suriya respublika deb eʼlon qilindi, ammo Fransiya mandati saqlanib krldi, bu mandat 1943-yil dekabrda bekor qilindi. 1946-yil 17-apreldagina toʻla mustaqillikka erishdi. 1958-yil Suriya Misr bilan yagona davlat — Birlashgan Arab Respublikasi (BAR)ga birlashdi, ammo 1961-yil 28-sentabrda uning tarkibidan ajralib chiqdi va oʻzini Suriya Arab Respublikasi (SAR) deb eʼlon qildi. 1963-yil 8 martda davlat toʻntarishi boʻlib, Suriya Arab sotsialistik uygʻonish partiyasi (Baʼs) hokimiyatni qoʻlga oldi, 1971-yil 12-martdan Hofiz Asad prezident boʻldi.

1967-yil iyunda Suriyaga Isroil hujum qilib, mamlakat hududining bir qismini (Gʻulon tepaliklarini) bosib oldi. 1973-yil oktabrda Suriya boshqa arab davlatlari qatori harbiy harakatlarda qatnashib, Isroil tomonidan bosib oligan yerlarning bir qismini qaytarib olishga muvaffaq boʻldi. S– 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1991-yil 28-dekabrda tan olgan va 1992-yil 24-aprelda diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami — 17 apr, — Chet el koʻshinlari chikarib yuborilgan kun (1946).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari Arab sotsialistik uygʻonish partiyasi (Baʼs), 1947-yil aprelda Arab uygonish partiyasi sifatida tashkil etilgan, 1954-yildan hozirgi nomda; Suriya kommunistik partiyasi, 1924-yil tuzilgan; SAR Taraqqiyparvar milliy fronta, 1972-yil asos solingan, 8 tashkilotni birlashtiradi. Suriya ishchi kasaba uyushmalari umumiy federatsiyasi, 1938-yil tuzilgan.

Iqtisodiyoti Suriya — agrar-industrial mamlakat. Yalpi ichki maqsulotda qishloq xoʻjaligining ulushi — 26%, sanoatning ulushi — 21%, xizmat koʻrsatish sohasining ulushi — 53%.

Qishloq xoʻjaligida mehnatga layoqatli aholining 50%ga yaqini shugʻullanadi. 3,7 mln. gektar yerda dehqonchilik qilinadi, shundan 500 ming ga sugʻoriladi. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari: bugʻdoy, arpa, paxta, tamaki, qand lavlagi; sholi, yer yongʻoq, sabzavot, poliz ekinlari ham yetishtiriladi. Vohalarda bogʻdorchilik rivojlangan, tok, sitrus, xurmo va boshqa subtropik mevali oʻsimliklar oʻstiriladi, zaytun yetishtiriladi. Qoramol, qoʻy, echki, tuya, ot, xachir boqiladi. Sohilda baliq ovlanadi.

Sanoatida konchilik ustun: neft, fosforit, toshtuz, tabiiy asfalt, oltingugurt qazib olinadi. Elektr styalarning aksariyati neft asosida ishlaydi (yiliga oʻrtacha 14,8 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi). Neft Baniyos va Himsdagi zavodlarda qayta ishlanadi. Kime (mineral oʻgʻit ishlab chiqarish.), toʻqimachilik (jumladan, ip gazlama) va oziqovkat (un, yogʻ, vino, qandshakar, tamaki va boshqalar), elektr texnika sanoati rivojlangan. Traktor yigʻuv, elektr motor, poʻlat prokati, beton shpal zavodi, koʻnchilik, poyabzal, binokorlik materiallari va boshqa korxonalar bor. Hunarmandchilik (oltin, kumush, misdan turli buyumlar tayyorlash) rivojlangan. Asosiy sanoat markazlari — Damashq, Halab, Hims, Loziqiya, Tartus. Transport yoʻli uzunligi — 1,8 ming km, avtomobil yoʻllari — 39,2 ming km, neft quvurlari — 805 km. Asosiy dengiz portlari — Loziqiya, Tartus, Baniyos Damashqda xalqaro aeroport bor. Iroq va Saudiya Arabistonidan Oʻrta dengiz sohiliga tortib kelingan koʻpgina neft quvurlari Suriya hududidan oʻtadi. Suriya chetga neft va neft mahsulotlari, fosforit, paxta, qishloq xoʻjaligi. mahsulotlari, teri, jun va boshqa chiqaradi, chetdan mashina va uskuna, transport vositalari, oziqovqat, kimyo mahsulotlari va boshqa keltiradi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Rossiya, Livan, Gretsiya bilan savdo qiladi. Suriyaning Oʻzbekiston Respublikasi bilan 2002-yildagi tovar aylanmasi 1,7 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Pul birligi — suriya funti.

Tibbiy xizmati Suriyada tibbiy xizmat pulli. Vrachlar tayyorlaydigan 3 ta maktab, stomatolog va farmatsevtlar maktabi, oʻrta malakali tibbiyot xodimlari tayyorlaydigan 5 ta maktab bor. Halabdagi universitetda veterinariya fakulteti ochilgan.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari 6 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun boshlangʻich taʼlim majburiy. Maktab dindan ajratilgan, ammo diniy maktablar ham bor. Bir necha xususiy oʻquv yurti mavjud. Darslar arab tilida olib boriladi. Suriyada 4 universitet va bir qancha davlat oliy oʻquv yurtlari Damashq universiteti (1923), Halabdagi universitet (1960), Himsdagi universitet (1979), Loziqiyadagi universitet (1971), Damashq oliy texnologiya instituti va boshqalar ishlaydi, ularda pul toʻlab oʻqiladi. Arab akademiyasi (1919), Damashq akademiyasi (1919), qishloq xoʻjaligi. ilmiy markazlari bor. Damashqda universitet kutubxonasi va Milliy kutubxona (1880), Halabda Milliy kutubxona (1924), Loziqiyada Milliy kutubxona (1944), Damashqda Milliy muzey (1919) va Arab tamadduni muzeyi (1976–1977), Halabda Arxeologiya muzeyi (1960), Palmira muzeyi (1961), Hims, Tartus, Busroda muzeylar mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi, telekoʻrsatuvi Asosiy gazeta va jurnallari: „As-Savra“ („Inkilob“, arab tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1963-yildan), „Al-Baʼs“ („Uygonish“, arab tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1962-yildan), „Al-Jamohir al-Arabiya“ („Arablar ommasi“, arab tilida chikadigan kundalik gazeta), „Nizol ash-Shaʼb“ („Xalq kurashi“, arab tilida chiqadigan gazeta, 1934-yildan), „Siriya tayme“ („Suriya vaqti“, ingliz tilida chiqadigan kundalik gazeta, 1981-yildan), „Al-Fido“ (arab tilida chiqadigan kundalik gazeta), „Al-Muhandis al-Arabiy“ („Arab muhandisi“ arab tilida 2 oyda 1 marta chiqadigan jurnali, 1961-yildan), „Nizol al-Fallohin“ („Dehqonlar kurashi“, arab tilida chiqadigan haftanoma, 1965-yildan). Suriya arab axborot agentligi (SANA), hukumat axborot mahkamasi, 1965-yil asos solingan. Radioeshittirish va telekoʻrsatuv bosh direksiyasi, hukumat xizmati, 1946-yil tuzilgan.

Adabiyoti Suriya xalqining ogʻzaki ijodida mil. av. VIII—VII asrlar voqealarini eslatuvchi rivoyatlar uchraydi. Mil. II—XIV asrlar ga oid suriya (suryoniy) yozuvlari topilgan. VIII asrdan arab tili rayem boʻla boshladi va XIV asrga kelib dunyoviy adabiyotdan suriya tilini surib chiqardi. Oʻrta asrlarda Abu Tammom, Al-Buhturiy, Al-Mutanabbiy, Abu Firos sheʼrlari va Abulʼalo al-Maarriyning falsafiy asarlari dunyoga keldi. XIX asrga qadar Suriya adabiyoti arab mumtoz adabiyoti anʼanalarini davom ettirdi. XIX asr oʻrtalaridan Livan bilan Falastinni oʻz ichiga olgan Suriya arab madaniy uygʻonish makonlaridan biri boʻldi Fransis Marrosh, Rizqolloh Hassun, Abdurahmon al-Kavokibiy va Adib Ishoq bu harakatga bosh boʻldilar. Birinchi jahon urushidan keyin vatanparvarlik kayfiyatidagi adabiy kuchlar (Muhammad Kurd Ali, Xalil Mardambek, Salim al-Jundiy va boshqalar) Damashqdagi Arab akademiyasiga birlashib, arab adabiy merosini batafeil oʻrganish va ommalashtirishga kirihdilar. 20-yillarda realistik nasr (Subhi Ali Gʻanim, Sami alKiyoli, Fuad ashShaib, Shakib alJabri) yuzaga keldi. Xayriddin az-Zirikli, Muhammad alBizm, Muhammad Sulaymon al-Ahmad kabi shoirlar mustamlakachilikka qarshi, mustaqillik uchun kurash ruhida sheʼrlar yozildi. 1951-yil Suriya yozuvchilar uyushmasi tuzildi.

Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr adabiyotida milliy ruhni qaror toptirish harakati kuchaydi. 60-yillardagi ayrim adiblar aksariyat ezilgan va umidsizlikka tushgan kimsalar hayoti va qismatini tasvirlashga berildilar. Soʻnggi yillarda Isroilning arab mamlakatlariga bosqinini laʼnatlovchi sheʼrlar (Ahmad Sulaymon Ahmad, Ali Jundiy) va nasriy asarlar (Mutoʼ Safadiy, Zakariyyo Tomir) yaratildi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati