Xoʻja Maʼoz va Moʻyi Muborak ziyoratgohi (Maqbara, Muy saqlangan yodgorlik binosi, xonaqoh, chillaxona) – Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti, diqqatga sazovor joy. Obyekt davri: XIX asr. Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida joylashgan. Obyekt manzili: „Xoʻja Maʼoz“ MFY. Davlat mulki (Fargʻona viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida) „Vaqf“ xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi asosida biriktirilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan.

Xoʻja Maʼoz ibn Jabal ziyoratgohi Margʻilon shahrida joylashgan. Xoʻja Maʼoz mozorini mahalliy aholi Muhammad paygʻambar (s.a.v.) ning Maʼoz ibn Jabal ismli faqih va roviy sahobalaridan biri bilan bogʻliq, deb qarashadi.

Maʼoz ibn Jabalning toʻliq ismi Abu Abdurahmon al-Ansoriy al-Xazrajiy al-Jashmiy (640-yili vafot etgan) garchand Movarounnahrga kelmagan boʻlsa-da, biroq, uning nomi bilan bogʻliq, ziyoratgohlar nafaqat Fargʻona zaminida, shuningdek Xorazmda ham mavjud boʻlgan. Margʻilondagi uning nomi bilan ataluvchi ziyoratgoh aholi orasida „Xoʻja Magʻiz“, „Xasti Maʼoz mozori“ deb ham ataladi. Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shedrin kutubxonasining Sharq qoʻlyozmalari boʻlimida Xoʻja Maʼoz ziyoratgohiga doir bir qancha hujjatlar saqlangan boʻlib, Margʻilon uyezdidagi vaqf yerlarlariga solingan mulk soligʻi hujjatlarining ikki joyida: Avval volostini pastki Uchqoʻrgʻon qishlogʻida va Zarkent volosti,Qirguli qishloq yigʻini, Suxtepa qishlogʻida Xazrati Maʼoz ibn Jabal mozori, madrasa, machitining vaqf yerlari borligi qayd qilingan. Hozirda ushbu majmua darvozaxona, maqbara, Moʻyi muborak ziyoratxonasi va katta yozgi ayvonli masjiddan iborat. Qabristonning ichkari kismida joylashgan „Xoʻja Magʻiz“ maqbarasi ushbu majmuaning ilk qurilishi boʻlib, XV-XVI asrlarga taalluqlidir. Hozirgi vaqtda ushbu binoning dastlabki bezaklari va peshtoqining yuqori qismi nurab tushgan. Ammo shunga qaramay, maqbara oʻziga xos mahalliy xususiyatlarga ega va nisbatan yaxshi saqlangan imorat sanaladi.

Shu mozordagi Chillaxona ham dastlabki inshootlardan. U maqbaradan shimoli-sharq tomonda, 15 metrlar narida joylashgan.

Xoʻja Maʼoz ibn Jabal ziyoratgohining janubiy tomonida „Moʻyi muborak“ ziyoratxonasi bor. 1848-yilda Margʻilon shahrida elaton urugʻiga mansub qipchoq Oʻtamboy parvonachi hokimlik qilib turgan kezlari u „Moʻyi Muborak“ni taʼmirlash ishlariga katta eʼtibor beradi.

Manbalar

Turkum:Oʻzbekistondagi diqqatga sazovor joylar